Netflix seriali North of North yangi qismlar bilan noyabrda qaytadi
Netflix’ning yuqori baholangan komediya seriali North of North ikkinchi mavsum bilan 5-noyabr kuni qaytadi.

Platforma yangi mavsumning ilk treylerini ham taqdim etdi. Serial striming xizmatining Kanada bo‘limidan chiqqan ilk original loyiha bo‘lib, Canadian Broadcasting Corporation (CBC) hamda APTN hamkorligida ishlab chiqarilgan. Uning debyut mavsumi Rotten Tomatoes’da 100 foizlik Tomatometer natijasini, tomoshabinlar orasida esa 79 foizlik bahoni qayd etgan.
Netflix serialni 2025-yil aprelida, platformadagi premyerasidan ko‘p o‘tmay, ikkinchi mavsumga uzaytirgan edi. Yangi mavsumda Anna Lambe Siaja roliga qaytadi. Qahramon hayotini ko‘proq nazorat qilishga intilar ekan, qarorlar qabul qiladi va xatolarga yo‘l qo‘yadi; shu bilan birga, o‘zini keyingi bosqichga tayyor ekaniga ishontirishga hamda Arktikadagi yaqin jamoasiga buni isbotlashga urinadi.