Martin Scorsese: Angelina Jolie ishtirokidagi Cleopatra filmi Sony xakerligi sabab bekor qilingan
Martin Scorsese Angelina Jolie bosh rolni ijro etishi rejalashtirilgan Cleopatra filmi Sony xakerligi ortidan bekor qilinganini aytdi.

Rejissor bu haqda Tribeca’ning Crafty original seriali birinchi qismida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ustida ish ketayotgan paytda Seth Rogenning The Interview komediyasi atrofidagi mojaro Sony kompaniyasiga ta’sir ko‘rsatgan.
2014-yil noyabrida Sony elektron xatlari buzib kirish orqali oshkor qilingan, hujumchilar esa Shimoliy Koreya rahbari Kim Jong Unga uyushtiriladigan xayoliy suiqasd haqida hikoya qiluvchi film namoyish etilmasligini istagan. Xakerlik oqibatida minglab xatlar ommaga chiqdi. Ulardan birida prodyuser Scott Rudin Sony rahbari Amy Pascal’ga Jolie haqida haqoratli fikrlar bildirgan.
Scorsese filmda Jolie Cleopatra VII rolini ijro etishini, ssenariyni esa Eric Roth yozishini aytdi.