Kinofeeds · Yangiliklar · Maqolalar · Roʻyxatlar · Mualliflar

Alisher Uzoqovning yangi filmi qanday chiqibdi?

Kartina futbolchi bo‘lishni orzu qilgan qishloq bolasi va yosh futbolchilar jamoasi haqida. Alisher Uzoqovning o‘zi ham futbolga yaqin odam, kinoda ham tajribasi katta. Lekin suratga olish jarayonida film ustida ishlashdan ko‘ra futbol o‘ynashga ko‘proq vaqt ajratgan shekilli.

· Fayzulla Yo‘ldashev

Alisher Uzoqovning yangi filmi qanday chiqibdi?
Rasm: Afisha.uz

Syujetga ko‘ra, Bilol ismli bola qishloqda yashaydi va futbolchi bo‘lishni orzu qiladi. Ammo bobosi bunga qarshi. Chunki u futbolni korrupsiya bosgan deb hisoblaydi. Parallel ravishda futbol murabbiyi (Uzoqov) va uning jamoasi haqidagi voqealar ham rivojlanadi. Murabbiyning o‘zi ham faoliyati muvaffaqiyatsiz kechgan, tanqid ostida qolgan sobiq futbolchi. U bolalar ligasida yomon natija ko‘rsatayotgan jamoasini tog‘da shug‘ullantirishga qaror qiladi. Rahbariyat bunga ruxsat bermaydi, lekin murabbiy bolalarni baribir tog‘ga olib ketadi. Shu tariqa Bilol o‘zi muxlislik qiladigan "Arslon" bolalar jamoasi qishlog‘iga kelganini ko‘radi. Eng yoqmagan jihati, bolalar kontentini rivojlantirish maqsadida olingan bu filmda bolalar katta aktyorlar soyasida qolib ketgan. Jamoadagi 22 yoki 33 nafar boladan bor-yo‘g‘i uchtasi ozmi-ko‘pmi ko‘zga tashlanadi, qolganlari esa NPC. Katta e’tibor esa Matyoqub Matchonov (Bilolning bobosi), Farhod Abdullayev (tuman hokimi) va Uzoqovning personajlariga qaratilib qolgan. Filmdagi asosiy dramatik konflikt Bilolning bobosi nabirasiga futbol o‘ynashga ruxsat berishi yoki bermasligi atrofida aylanadi. Orada Bilolning ammasi va murabbiy o‘rtasidagi deyarli keraksiz romantik liniya ham bor. Muhabbat liniyasida syujetga ta’sir qiladigan bittagina sahna bor, u ham ishonarsiz. Bilolning ammasi murabbiyga bobosi uning futbol o‘ynashiga ruxsat bermayotganini aytganida, bu gapni eshitgan "Arslon" jamoasidagi Botirning birdaniga ko‘ngli yumshaydi. Vaholanki, u film davomida Bilolni pisand qilmay yurgan. Bunday keskin o‘zgarish Bilolning bobosida ham bor. U ham nabirasiga futbol o‘ynashga birdaniga ruxsat beradi, lekin fikridan qaytishiga nima sabab bo‘lgani yetarlicha ko‘rsatilmagan. Mantiq bilan bog‘liq muammolar faqat personajlarning qarorlarida emas. Farhod Abdullayev har doimgidek rolini yaxshi o‘ynagan, ammo u ishtirok etgan sahnalardagi ayrim hazillar ishlamagan. Qishloq bolalari o‘zlarini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan yagona o‘yinda uning hakamlik qiladigan sahnasida esa kulgili qilamiz deb, mantiqni maydon tashqarisida qoldirishgan. O‘zi murabbiy qishloqqa nima uchun keldi? Bolalarni shug‘ullantirish uchun kelgan bo‘lsa, bu mashg‘ulotlarning jamoaga qanday foyda berganini ko‘rmaymiz. Aksincha, ular qishloq bolalariga yutqazadi. Bu ham yetmagandek, o‘yinda hakam qishloq bolalariga yon bosdi. Natijada g‘alaba ham o‘z qiymatini yo‘qotdi. Filmning asosiy muammosi — bolalarga orzuga intilishni targ‘ib qiladi, lekin unga erishish uchun qilingan mehnatni ko‘rsatmaydi. Bilolning futbolchi sifatida o‘sishini ko‘rmaymiz. Uning mashq qilib, avval uddalay olmagan ishini keyin eplagani yoki biror qiyinchilikni yenggani ko‘rsatilmagan. Go‘yo orzuga yetishish uchun mehnat qilish emas, uydagilardan ruxsat olishning o‘zi kifoya. Albatta, O‘zbekistonda farzandining orzusiga to‘sqinlik qiladigan oilalar bor. Lekin bolalar uchun olingan film bu masalaga bir tomonlama yondashmasligi kerak, deb o‘ylayman. Agar film jamoaviylik haqida bo‘lsa, bu g‘oya ham yetarlicha ochilmagan. Boshida tarqoq bo‘lgan bolalarning qanday qilib bir jamoaga aylanganini ko‘rmaymiz. Shunchaki tashqaridan yana bir futbolchi qo‘shiladi va muammo hal bo‘lgandek. Xo‘p, yaxshi ijodiy jamoa yig‘ilgan, hech bo‘lmasa texnik tomondan yaxshi film chiqqan, deb o‘ylash mumkin. Afsuski, bu borada ham kamchiliklar bor. Birinchi ko‘zga tashlanadigan muammo aktyorlarning ovozi bilan og‘iz harakatlari mos kelmasligi. Nazarimda, dialoglarni suratga olishdan oldin yaxshilab ishlab chiqish, keyin ovozlashtirishda to‘g‘rilashga ehtiyoj qoldirmaslik kerak. Bu muammo o‘zbek filmlarida hali ham uchrab turishi afsuslanarli. Operatorni dron uchira olgani uchun maqtasa bo‘ladi. Qishloq tepasidan olingan kadrlar haqiqatan ham chiroyli chiqqan. Umuman, ranglar, yorug‘lik va dekoratsiyalar ancha yaxshi. Kostyumlar ham joyida, bu tomonlardan muammo ko‘rmadim. Lekin ayrim sahnalarda qo‘l kamerasidan nima maqsadda foydalanishganini tushunmadim. Bu usul odatda keskinlik, bezovtalik yoki voqealar ichida bo‘lish hissini berish uchun ishlatiladi. Mokyumentarida esa tasvirga hujjatli filmga xos tabiiylik qo‘shadi. Bu yerda esa kameraning ortiqcha harakati, ayniqsa, ta’sirli sahnalarda tomoshabinning diqqatini personajlarga qaratish o‘rniga chalg‘itgan. Oddiy dialoglarda ham kamerani nega tinch qo‘yishmagani tushunarsiz. Xullas, g‘oya yaxshi, ijro sust. Balki bolalarga yoqar. Lekin film katta ekranlardan ko‘ra, TVda efirni to‘ldirib turish uchun qo‘yiladigan filmlar qatoridan.